Mazkur maqolada Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanining nemis tiliga tarjimalarida personaj nutqi va stilistik xususiyatlarning qayta yaratilishi qiyosiy tahlil qilinadi. Tadqiqot korpusini Arno Specht tomonidan 1968-yilda rus tilidan nemis tiliga tarjima qilingan “Die Liebenden von Taschkent” hamda Barno Aripova tomonidan o‘zbekcha original bilan solishtirilib, qayta ishlangan 2020-yilgi nashr tashkil etadi. Specht tarjimasi 1958-yilgi L. Bat va V. Smirnova ruscha tarjimasiga tayanishi, Aripova esa mavjud nemischa matnni o‘zbekcha original bilan qayta tekshirib, tuzatishlar kiritgani mazkur ikki nashr o‘rtasidagi farqlarni o‘rganish uchun muhim metodologik asos bo‘lib xizmat qiladi. Tadqiqotda personaj nutqining leksik, sintaktik, frazeologik, pragmatik va lingvomadaniy xususiyatlari, shuningdek, metafora, metonimiya, sinekdoxa, maqol-matal, murojaat shakllari, tarixiy realiyalar va diniy terminlarning nemis tilida berilishi o‘rganiladi. Specht tarjimasida vositachi til ta’sirida yuzaga kelgan semantik siljishlar, madaniy birliklarning umumlashtirilishi va ayrim siyosiy-ijtimoiy mazmunlarning qisqarishi Aripova qayta tahririda qanday to‘ldirilgani ko‘rsatib beriladi. Xususan, kundosh, qorachopon, yuragi qora, choyxona, ichkari, hujra, ayvon kabi birliklar asosida tarjima strategiyalari tahlil qilinadi.
Copyrights © 2026